Erasmus+ 2025 Milliy Axborot Kuni
2025-yil 11-dekabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida Erasmus+ 2025 Milliy Axborot Kuni muvaffaqiyatli o'tkazildi. Tadbir O'zbekistondagi Milliy Erasmus+ ofisi (NEO), OTFIV, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi Vakolatxonasi, Oliy ta'lim islohotlari bo'yicha ekspertlar guruhi (HEREs) va Toshkent davlat agrar universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekistonning barcha hududlaridagi oliy ta'lim muassasalari vakillari, xalqaro hamkorlik va innovatsiyalar bo'yicha prorektorlar, tegishli vazirliklar mas'ullari, Yevropa Ittifoqi a'zo davlatlari elchixonalari, donor tashkilotlar hamda oliy ta'lim sohasining yetakchi vakillari ishtirok etdi.
Rasmiy dasturga muvofiq tadbir doirasida quyidagilar muhokama qilindi:
-O'zbekiston uchun Erasmus+ imkoniyatlari va 2026-yilgi grant tanlovi (Call for Proposals 2026) sharhi;
-Oliy ta'lim muassasalari uchun CBHE, ICM, EMJM va Jean Monnet yo'nalishlari bo'yicha imkoniyatlar haqida ma'lumot;
-Toshkent davlat agrar universitetida Erasmus+ loyihalarining samaradorligi yuzasidan taqdimot;
-Yangi ishga tushirilgan CBHE va Qo'shma magistratura (JMA) loyihalari uchun sertifikatlar topshirish marosimi;
-Yangi ishtirokchi muassasalar uchun CBHE Strand 1 va tajribali arizachilar uchun CBHE Strand 2 ilg'or tajribalariga bag'ishlangan parallel sessiyalar.
Dastur doirasida Erasmus+ granti sohibi sifatida Qo'qon universiteti GreenCamUz — "Yashil kampus tashabbusi: O'zbekiston oliy ta'limiga barqarorlik tamoyillarini integratsiyalash" loyihasi orqali milliy tajribani taqdim etdi.
Tadbir networking sessiyalari va faol ishtirok hamda kasbiy hissasi uchun sertifikatlar topshirish marosimi bilan yakunlandi.